Tillani sotish yoki taqinchoqlar garovi evaziga mikrokredit rasmiylashtirish — bu moliyaviy bitim. Bunday vaziyatda faqat xodimning xushmuomalaligi yoki chiroyli peshlavhaga ishonib qolmaslik kerak. Agar sizda ozgina bo‘lsa ham shubha, nimadir noto‘g‘ri ketayotgandek hissiyot yoki sizni chalg‘itishga urinish bor degan taassurot paydo bo‘lsa, baholashning to‘g‘riligini tashrif davomidayoq tekshirishingiz mumkin.
Quyida narx eng ko‘p pasaytiriladigan 4 ta asosiy bosqichni ko‘rib chiqamiz va har bir vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini tushuntiramiz.
1-bosqich: Tarozi va tortish aniqligini tekshirish
Baholash har doim tarozidan boshlanadi. Rasmiy tashkilotlarda xatolik darajasi 0,01 grammdan oshmaydigan yuqori aniqlikdagi elektron zargarlik tarozilaridan foydalaniladi.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
1. Tarozining elektron ekrani to‘liq siz tomonga qaratilgan bo‘lishi kerak.
2. Tarozida tekshiruv plombasi bo‘lishi kerak. Bu uskuna davlat tekshiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi stiker yoki maxsus belgi bo‘lishi mumkin.
Nima shubha uyg‘otishi kerak?
Agar ekran xodim tomonga qaratilgan, peshtaxta, reklama yoki to‘siq bilan yopilgan bo‘lsa.
Qanday yo‘l tutish kerak?
Muloyimlik bilan shunday deng:
«Iltimos, ekranni menga qarating, vaznni ko‘rib turmoqchiman».
Agar bunga «ichki qoidalar»ni bahona qilib qat’iy rad javobi berishsa yoki sizni shoshira boshlashsa, taqinchoqni darhol qaytarib olib, u yerdan chiqib keting.
💡 Aytgancha, buyumni «ko‘z bilan» baholash yoki baholovchining tillangizni boshqa xonaga olib kirib ketishi — eng ko‘p uchraydigan aldov usullaridan biridir
Norasmiy nuqtalarda uchraydigan boshqa yashirin usullar haqida ushbu maqolamizda batafsil o'qing «Tilla sotish va garovga qo‘yishda firibgarlikning 5 ta belgis»
2-bosqich: Metallni tekshirish va reaktivlardan foydalanish
Baholovchi buyum haqiqiy tilla ekanini, uning o‘rniga tilla suvi yuritilgan latun yoki volfram emasligini aniqlash uchun tezkor tekshiruv o‘tkazadi.
Buning uchun odatda uzukning ichki qismida yoki zanjir qulfida egov yordamida juda kichik tirnalish qilinadi. Shundan so‘ng metallning asosiy qatlamiga maxsus kimyoviy reaktiv tomiziladi.
Aniqlashtiruvchi savollar berishdan tortinmang:
«Hozir qaysi reaktivdan foydalanyapsiz?»
«Bu eritma qaysi proba uchun mo‘ljallangan?»
«Agar proba ko‘rsatilgan qiymatga mos bo‘lsa, rang qanday o‘zgarishi kerak?»
Mutaxassis qanday javob beradi:
Tajribali baholovchi 585-proba uchun bir tarkibdagi, masalan, azot kislotasi asosidagi reaktiv, 750-proba uchun esa boshqa tarkib ishlatilishini xotirjam tushuntiradi va reaksiyani sizga ko‘rsatadi.
Agar tilla haqiqiy bo‘lsa, tirnalgan joyning rangi o‘zgarmaydi yoki oldindan ma’lum bo‘lgan reaksiyani beradi. Agar xodim savollarga javob bermasa, asabiylashsa yoki atamalarni chalkashtirsa, u yetarli tajribaga ega bo‘lmagan xodim yoki norasmiy vositachi bo‘lishi mumkin.
Proba belgisi, ligatura hamda oq, qizil va sariq tillaning farqlarini yaxshiroq tushunmoqchimisiz?
Unda ushbu maqolamizni o‘qing: «Tilla probasi va rangi: raqamlar hamda jilolar nimani anglatadi?»
3-bosqich: Qiymat va kredit foizlarini hisoblash
Bir gramm uchun narx — yagona muhim ko‘rsatkich emas. Hozir qancha pul olishingiz va muddat yakunida qancha mablag‘ qaytarishingiz kerakligini ham aniq bilishingiz lozim.
Baholovchidan so‘rang:
«Barcha foizlarni hisobga olganda, muddat oxirida qaytarishim kerak bo‘lgan aniq summa qancha bo‘ladi?»
Sizga «unchalik ko‘p emas» kabi mavhum javoblar emas, so‘mdagi aniq raqam aytilishi kerak.
Shartlarning ochiqligi:
Barcha shartlar, kunlik va yillik foiz stavkalari, shuningdek muddat yakunida qaytariladigan umumiy summa mikrokredit shartnomasi yoki garov chiptasida aniq ko‘rsatilishi kerak. Og‘zaki va’dalar yoki alohida qog‘ozdagi mayda yozuvlar bilan cheklanib qolmaslik lozim.
Taqinchoqlaringiz uchun qancha mablag‘ olishingiz va ortiqcha to‘lov miqdorini oldindan hisoblamoqchimisiz?
Saytimizning bosh sahifasidagi onlayn kalkulyatordan foydalaning — kristalkredit.uz. Hisoblash bir daqiqadan kam vaqt oladi, har bir proba bo‘yicha bir gramm tillaning amaldagi narxini ko‘rsatadi va kutilmagan xarajatlardan saqlanishga yordam beradi
4-bosqich: Qimmatbaho toshlar va tillaning sof vazni
Agar taqinchoqda toshlar bo‘lsa, qiymat faqat tillaning sof vazni asosida hisoblanishi kerak.
Qanday bo‘lishi kerak: Baholovchi qo‘shimcha qismlar va toshlarning vaznini aniq hisoblab, ularni buyumdan olib tashlamasdan umumiy vazndan ayiradi.
Qanday bo‘lmasligi kerak: Baholovchi «toshlar va kir uchun» deb, taxminan 1–2 grammni umumiy vazndan ayirib tashlamasligi kerak. Bu to‘lov summasini asossiz ravishda kamaytirish usulidir.
Тo‘g‘ri baholashning asosiy qoidasi
Kristal Kredit’da baholash faqat sizning huzuringizda, sertifikatlangan uskunalarda va rasmiy shartnoma rasmiylashtirilgan holda amalga oshiriladi. Siz tarozidagi vaznni doimo ko‘rib turasiz, baholovchining har bir harakatini tushunasiz va qaytarilishi kerak bo‘lgan aniq summani oldindan bilasiz.
Savol bering, raqamlarni tekshiring va qimmatbaho buyumlaringizni faqat ishonchli moliyaviy tashkilotlarga topshiring.
